Lugʻat - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Lugʻat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Lugʻat

Lugʻat — 1) muayyan tilda, uning hududiy yoki ijtimoiy lahjasida mavjud boʻlgan, u yoki bu yozuvchi asarlarida uchraydigan soʻzlar yigʻindisi, leksika;

2) soʻzlar (yoki morfemalar, soʻz birikmalari, iboralar va boshqalar) muayyan tartibda (alifboli, uyali, mavzuli) joylashtirilgan, tavsiflanuvchi birliklar, ularning kelib chiqishi, maʼnolari, yozilishi, talaffuzi, uslubiy mansubligi, boshqa tillarga tarjimasi haqida maʼlumotlar jamlangan kitob. Lugʻatlar maʼnaviy madaniy sohada muhim oʻrin egallaydi, ularda jamiyatning maʼlum davrda erishgan bilimlari aks etadi. Lugʻat bir qator ijtimoiy vazifalarni bajaradi: oʻquvchiga muayyan hodisa haqida maʼlumot beradi; uni oʻz va oʻzga tillardagi soʻzlar bilan tanishtiradi; tilni, uning lugʻat tarkibini takomillashtirish va tartibga solishga yordam beradi. Lugʻatlar juda qadim davrlarda paydo boʻlgan (qarang Leksikografiya); hozirgi davrda maʼlumot-axborot toʻplash va uni oʻquvchiga yetkazishda muayyan ahamiyatga ega. Soʻzni tavsiflashdagi bir qancha farqli xususiyatlariga koʻra Lugʻatlarni asosan 2 turga: ensiklopedik va lingvistik (filologik), lugʻatlarga ajratish mumkin. Ensiklopedik lugʻat soʻzlarning oʻzini emas, balki ular orqali bildiriladigan predmet va tushunchalarni izohlaydi, tushuntiradi. Lingvistik Lugʻatlarning asosiy maqsadi esa til birligi hisoblangan soʻzning maʼnolarini, turli lisoniy xususiyatlarini ochib berishdan iborat. Lingvistik Lugʻatlar leksikografik tavsif mazmuni, vazifasi va usullari nuqtai nazaridan bir qancha turlarga boʻlinadi: 1. Soʻzlarning maʼnolari, qo'llanish sohasi va darajasi, fonetik va grammatik xususiyatlarini koʻrsatib beruvchi izohli lugʻat (S. I. Ojegov. Tolkoviy slovar russkogo yazika, 20-ye izd., M., 1988; Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 1—2-j.lar, M., 1982). 2. Muayyan tilga uzlashgan, lekin oʻzlashmaligi sezilib turgan boshqa til soʻz va terminlarini tushuntirib beruvchi xorijiy s u z lar Lugʻati (Slovar inostrannix slov, 18-ye izd., M., 1989; O. Usmon, R. Doniyorov. Ruscha-internatsional soʻzlar izohli lugʻati, T., 1965). 3. Bir tilga oid lugʻaviy birliklarni boshqa tilga oʻgirib izohlab beruvchi tarjima Lugʻatlari — oʻzbek leksikografiyasida keng tarqalgan, qadimdan maʼlum lugʻat turi, XIX asrgacha arab-oʻzbek, fors-oʻzbek, turk-oʻzbek ikki tilliligiga asoslanib yoki aksincha tartibda tuzilgan tarjima! Lugʻatlari mavjud boʻlgan boʻlsa, XX-asrda ular qatoriga mazkur tillar bilan birga ingliz, nemis, is-pan, hind, yapon tillari ishtirokida tuzilgan ikki tilli Lugʻatlar ham qoʻshildi [Nemischa-oʻzbekcha lugʻat, 1964; Oʻzbekcha-nemischa lugʻat, 1967; Fransuzcha-oʻzbekcha lugʻat, 1973; Inglizcha-oʻzbekcha lugʻat, 1968; Oʻzbekcha-inglizcha lugʻat, 1969; Arabcha-oʻzbekcha lugʻat 1986; Oʻzbekcha-forscha lugʻat, 1984; Ruscha oʻzbekcha mukammal lugʻat (A. Zohiriy, 1927), 1 j.li Ruscha-oʻzbekcha lugʻat, M., 1954; 5 j.li Ruscha-oʻzbekcha lugʻat; 1950— 55; 1 j.li Oʻzbekcha-ruschalugʻat(M. 1959; T., 1988); 2 j.li Ruscha-oʻzbekcha lugʻat, 1983—84 va boshqa]. 4. Soʻzlarning qachondan boshlab shu tilda qoʻllana boshlagani, uning fonetik, grammatik, semantik belgilari taraqqiyotini koʻrsatib beruvchi tarixiy Lugʻat (oʻzbek tilida haqiqiy maʼnodagi tarixiy Lugʻat tuzilmagan, lekin E. Fozilovning "Starooʻzbekskiy yazik: Xorezmskiye pamyatniki XIV veka" (ch. 1-2, T., 1966, 1971) asarini maʼlum maʼnoda tarixiy Lugʻat deyish mumkin). 5. Tilning lahja va shevalariga xos boʻlgan, fonetik yoki semantik jihatdan adabiy tildagi soʻzlardan farq qiladigan soʻzlarni koʻrsatuvchi dialektal (sheva) Lugʻatlar (Oʻzbek xalq shevalari lugʻati, 1971). 6. Soʻzning kelib chiqishini koʻrsatib beruvchi etimologik Lugʻatlar (Sh. Rahmatullayev. Oʻzbek tilining etimologik lugʻati, 2000). 7. Bir oilaga mansub tillardagi soʻz boyligini solishtirib, ulardagi tafovut qonuniyatlarini oʻrganish maqsadida tuziluvchi qiyosiy Lugʻatlar (L . Budagov. Sravnitelniy slovar turetsko-tatarskix narechiy, ch. 1—2, S.-Pb., 1869; V. V. Radlov. Opit slovarya tyurskix narechiy: 1—4. S—Pb., 1888—1911). 8. Soʻzlarning mavjud imlo qoidalariga binoan toʻgʻri yozilish shakllarini qayd etuvchi imlo Lugʻat i (1929-yildan hozirgacha oʻzbek tilining turli hajmli 20 dan ortiq imlo lugʻati tuzilgan; 6500 soʻz va soʻz shaklini kamrab olgan eng mukammal imlo lugʻati 1975-yil nashr etilgan). 9. Soʻzlarning adabiy talaffuzi qayd etiladigan talaffuz (orfoepik) Lugʻati (Oʻzbek tilining orfoepik lugʻati — M. Sodiqova, Oʻ. Usmonova, 1977; Oʻzbek adabiy talaffuzi lugʻati, 1984; 10. Soʻzlarning morfem tuzilishini koʻrsatuvchi morfem Lugʻat (A. Gʻulomov va boshqa Oʻzbek tilining morfem lugʻati, 1977). 11. Soʻzligi frazeologik birliklardan iborat boʻlgan frazeologik Lugʻat (M. Sodiqova. Ruscha-oʻzbekcha frazeologik lugʻat, 1972; Sh. Rahmatullayev. Oʻzbek tilining izohli frazeologik lugʻati 1978). 12. Soʻzlarning qoʻllanish miqdori va foizi haqida maʼlu-motberuvchi chastotali Lugʻat (I. A. Kissen. Slovar naiboleye upotrebitelnix slov sovremennogo oʻzbekskogo literaturnogo yazika, 1972). 13. Soʻzlar teskari tomondan boʻlgan alifbo tartibiga kura joylashtirilgan ters (chappa) Lugʻat (R. Qoʻngʻurov va A. Tixonov. Oʻzbek tilining chappa lugʻati, 1968). 14. Soʻzlikni tarkib toptiruvchi soʻzlar roʻyxati maʼlum mavzularga boʻlib beriladigan tematik (mavzuli) Lugʻat (A.Tixonov va boshqa Russko-oʻzbekskiy tematicheskiy slovar, 1975). 15. Soʻzliklari omonim, sinonim, antonim, paronim singari lugʻaviy birliklardan iborat boʻlgan omonimlar Lugʻati, sinonimlar Lugʻati, antonimlar Lugʻati, paronimlar Lugʻati (Sh. Rahmatullayev. Oʻzbek tili omonimlarining izohli lug'ati, 1984; A. Hojiyev.

Oʻzbek tili sinonimlarining izohli lugʻati, 1974; Sh. Rahmatullayev va boshqa Oʻzbek tili antonimlarining izohli lugʻati, 1980; A. Maʼrufov. Paronimlar lugʻati, 1974). 16. Soʻzligi atoqli otlar yoqi joy nomlaridan iborat boʻlgan antroponimik va toponimik Lugʻatlar (E. Begmatov. Oʻzbek ismlari, 1991; E. Begmatov. Oʻzbek ismlari maʼnosi. 14600 ism izohi, 1998; 3. Doʻsimov va X. Egamov. Joy nomlarining izohli lugʻati, 1977). 17. Maʼlum bir yozuvchi yoki asar tilida qoʻllangan soʻzlarni izohlovchi. Lugʻat (Navoiy asarlari lugʻati, 1972; Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati, 1 — 4-j.lar, 1983—84; B.Hasanov, "Qurʼoni Karim" soʻzlarining arabcha-oʻzbekcha koʻrsatkichli lugʻati, 1995). 18. Soʻzligi maʼlum bir fan va texnika tarmogʻi, ijtimoiy yoki xoʻjalik hayotining biror sohasiga oid soʻz-terminlardan iborat boʻladigan terminologik Lugʻatlar. Bunday Lugʻatlar soʻzlikning berilishi va izohlanishiga koʻra, ensiklopedik Lugʻat bilan lingvistik Lugʻat belgilariga ega boʻladi (1925-yildan hozirgi kungacha Oʻzbekistonda 50 dan ortiq soha boʻyicha 140 taga yaqin terminologik lugʻat nashr etilgan; ular soha terminologiyalarini tartibga solishga xizmat qiladi).

Lugʻat turlari yuqoridagilar bilan chegaralanmaydi. Yuqorida, asosan, oʻzbek lugʻatchiligida mavjud boʻlgan va amalda foydalanib kelinayotgan Lugʻat turlarigina koʻrsatildi. Bu narsa Lugʻatlarning vazifa doirasi naqadar kengligini va ularning oʻta muhim ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatadi[1].

  • Hozirgi oʻzbek adabiy tili, T., 1980;
  • Oʻzbek tili leksikologiyasi, T., 1981;
  • Axmanova O. S, Slovar lingvisticheskix terminov, M., 1969;
  • Lingvisticheskiy ensiklopedicheskiy slovar, M., 1990.
  1. Abduvahob Madvaliyev. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil