Gorilla - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Gorilla

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gorilla (Gorilla) – pongidlar oilasiga mansub odamsimon maymun, erkagining boʻyi 1,8–2,0 m, yagʻrinining kengligi 1 m ga yaqin, ogʻirligi 200– 250 kg va undan koʻproq. Urgʻochisi erkagidan deyarli 2 baravar kichikroq. Gavdasi yoʻgʻon, burni keng, boʻyni qisqa, yagʻrindor, muskullari yaxshi rivojlangan, kuchli hayvon. Juni va terisi qora, orqa oyoqlari oldingilariga nisbatan kalta. Boshi katta, peshonasi past, yuzi oldinga turtib chiqqan, jagʻlari ogʻir, tishlari yirik. Koʻzi va quloqlari uncha katta emas. Gʻarbiy va markaziy Afrikaning qalin, oʻtib boʻlmas ekvatorial oʻrmonlarida kichikroq toʻda boʻlib yashaydi. Toʻda boshida erkak yoʻlboshchisi turadi. Faqat oʻsimlik bilan oziqdanadi. Tunash uchun daraxt ostiga yoki yerdan uncha baland boʻlmagan joyda uya quradi. Erkaklari 6–7 yoshda jinsiy voyaga yetadi. 3–5 yilda bitta bola tugʻadi. Egizak yoki albinoslar tugʻilishi ham maʼlum. Tutqinlikda ham koʻpayadi. Yashash joyining buzilishi (oʻrmonlarning kesilib, haydalishi) va brakonyerlik tufayli soni tobora kamayib bormoqda. Gorillani muhofaza qilish maqsadida 7 ta milliy bogʻ tashkil etilgan. Gorilla Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil